O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ–167-son “O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi (MAI) obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joriy yilning 6-iyun kuni “Kiberxavfsizlik markazi” DUK (keying o‘rinlarda – Markaz)da “Muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash” mavzusida seminar tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminarda 40 dan ortiq davlat boshqaruvi organlari, 30 dan ortiq xo'jalik boshqaruvi organlari va 10 dan ortiq mahalliy ijro etuvchi hokimlik organlari axborort va kiberxavfsizlik bo'yicha mas'ul vakillari qatnashdi.
Tadbir davomida, Markaz rahbariyati hamda mutaxassislar tomonidan MAI obyektlarini toifalashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli kiberxavfsizlik hodisalari, jamoat va davlat xavfsizligining hayotiy vazifalari, mudofaa qobiliyati, iqtisodiy barqarorlik ishdan chiqishiga, ekologiya va atrof muhit xavfsizligi, qonun ustuvorligi buzilishiga, ayniqsa inson hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetishiga sabab bo‘ladigan kibertahdidlardan himoyalanganlik darajasini ta’minlash loyihaning ustuvor vazifalari ekanligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Markazning “UZCERT” departamenti mutaxassisi O‘zbekistonda kiberxavfsizlikni rivojlantirish tendentsiyalari, kibertahdidlardan samarali himoyalanish va uni bartaraf etish yuzasidan foydali ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
So‘ngra, Yagona operator “ONE-NET” MChJ direktori tomonidan hozirgi vaqtda sohada olib borilayotgan ishlar hamda taqdim etiladigan xizmatlar to‘g‘risida bir qator taqdimotlar tinglandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan bir qancha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.