Ayni kunlarda Qonunchilik palatasida «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Xo‘sh, asosiy maqsadi shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘lgan ushbu qonun loyihasi nimasi bilan ahamiyatli? Uning sizu biz uchun ahamiyati qay darajada?
Parlament Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan deputatlar mas’ulligida takomiliga yetkazilayotgan qonun loyihasi raqamli texnologiyalar davrida fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari ustidan nazorat qilish, ulardan foydalanish imkoniyatini soddalashtirish hamda qayerda qayta ishlanishidan qat’i nazar, ma’lumotlar himoyasini ta’minlash kafolatini beradi.
Qonun loyihasi jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy, maishiy, professional yoki tijorat maqsadidagi faoliyatga, milliy va boshqa arxiv fondlarida mavjud bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, saqlash, foydalanishga, davlat siri tarkibiga kiruvchi shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga, jinoyatga qarshi kurashish, razvedka, kontrazvedka, jinoiy daromadlarni legallashtirish davomida qo‘lga kiritilgan shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonun loyihasining birinchi o‘qishdagi variantidan farqli ravishda, shaxsiy ma’lumotlar tushunchasida jismoniy shaxsning elektron, qog‘oz va boshqa tashuvchi jismda qayd etilgan ma’lumotlar ekanligi belgilanmoqda. Shuningdek, qonunni qo‘llashda shaxsiy ma’lumotlar subyekti, shaxsiy ma’lumotlar bazasi, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash, shaxsiy ma’lumotlar bazasi operatori, shaxsiy ma’lumotlar bazasi egasi (mulkdori), uchinchi shaxs kabi tushunchalar qo‘llanilishi ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har bir shaxs shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sir, o‘z qadri va g‘ururini himoya qilish huquqiga ega ekani kafolatlab qo‘yilgan. Ushbu qonun mazkur konstitutsion qoidani amalda namoyon etishga xizmat qiladi.
Qonunning asosiy prinsiplari sifatida fuqarolarning konstitutsion huquq va erkinliklariga rioya etish, shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash usuli va maqsadida qonuniylik hamda ochiqlikni ta’minlash, shaxsiy ma’lumotlarning to‘liq, ishonchliligi, shaxsiy ma’lumotlarning konfedensialligi va himoyalanganligi, subyekt, mulkdor va operatorlar o‘rtasida tenglik, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligi kabilar belgilanmoqda.
Qonun loyihasida shaxsiy ma’lumotlar sohasida Vazirlar Mahkamasi, vakolatli davlat organining huquq va majburiyatlari belgilanmoqda. Alohida moddada shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda ishtirokchilar kimlar ekani qayd etilgan. Unga ko‘ra, subyekt va operator, shuningdek, zarur hollarda subyekt, mulkdor va uchinchi shaxsning qonuniy vakili ham bo‘lishi mumkinligi ko‘zda tutilgan.
Shaxsiy ma’lumotlarni tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy izlanishlar olib borishda shaxsiy ma’lumotlar bazasi mulkdori, operatori yoki uchinchi shaxslar albatta uni egasizlantirishi shart. Shaxsiy ma’lumotni egasizlantirish deganda, uning aynan qaysidir shaxs(subyekt)ga tegishli ekanini bilish imkonini bermaydigan harakat tushunilmoqda.
Shuningdek, loyihada shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlashda vaqtinchalik bloklash masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tilmoqda. Unga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlar egasi unga tegishli ma’lumotlar to‘liqmas, eski, noaniq, noqonuniy yo‘l bilan olingan, oldindan bildirilgan maqsaddan boshqa maqsad uchun foydalanilayotgan yoki o‘zining qonuniy huquqlarini himoya qilish zarur deb hisoblasa, operatordan shaxsiy ma’lumotlarini bloklashni talab qilishi mumkin.
Loyihada shaxsiy ma’lumotlarni yo‘q qilish masalasiga ham oydinlik kiritilmoqda.
Yana bir muhim jihat shundaki, qonun loyihasi biometrik ma’lumotlar masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Biometrik ma’lumot sifatida shaxsning aynan kim ekanini aniqlash imkonini beradigan anotomik va fiziologik xususiyatlarini bildiruvchi shaxsiy ma’lumotlar ekani ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda ko‘pgina joylarda o‘rnatilayotgan videokuzatuv uskunalarida qayd etilayotgan ma’lumotlarni ham shaxsning biometrik ma’lumotlari sirasiga kiritish mumkin. Bu borada ham kelgusida katta o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda, albatta. Bunda videokuzatuv moslamalari shasxning aynan kim ekanini tasdiqlash imkonini beradigan bo‘lsa, bu haqda oldindan ma’lumot subyektining roziligi asosida unga doir ma’lumotlarni yig‘ishi va shundan so‘nggina u videokuzatuv uskunasida tegishli shaxs sifatida qayd etilishi mumkin.
Qonun kelgusida ma’lumotlar bilan ishlashda xalqaro standartlar va qoidalarni joriy qilish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish samaradorligini oshirish, fuqarolarga zarar keltirishi mumkin bo‘lgan shaxsiy hayot daxlsizligi bo‘yicha huquqlari buzilshining oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Ta’kidlash joizki, qonunlarning amaliyotda samarali ishlashida uni buzganlik uchun javobgarlik masalasi ham hal etilishi lozim. Shu bois, bir vaqtning o‘zida “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinishi bilan uni buzganlik uchun javobgarlikni belgilash maqsadida alohida qonun loyihasi sifatida Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham tegishli qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga yangi 1412-modda kiritish taklif etilmoqda. Bunda shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash, jamlash, saqlash, foydalanish va tarqatish, shu jumladan, transchegaraviy uzatish, xuddi shuningdek, qonun yoki shaxsiy ma’lumotlar subyekti tomonidan foydalanish cheklangan shaxsiy ma’lumotlarni yangilash, o‘zgartirish, egasizlantirish, tizimlashtirish, to‘sib qo‘yish va yo‘q qilish o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
O‘sha harakatlar bir guruh shaxs tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilsa, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, g‘arazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, eng kam ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni ham yangi 462-modda bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy to‘plash, jamlash, saqlash, foydalanish va tarqatish, shu jumladan, transchegaraviy uzatish, xuddi shuningdek, qonun yoki shaxsiy ma’lumotlar subyekti tomonidan foydalanish cheklangan shaxsiy ma’lumotlarni yangilash, o‘zgartirish, egasizlantirish, tizimlashtirish, to‘sib qo‘yish va yo‘q qilish fuqarolarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa, besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qonun loyihalari deputatlar tomonidan yalpi majlisda uch o‘qishda ko‘rib chiqilib qabul qilingach, Senatga yuboriladi. Amaliyotga ko‘ra, bunda qonun loyihasining moddama-modda ko‘rib chiqilishi zarur bo‘lgan asosiy va hal qiluvchi bosqichi ikkinchi o‘qish hisoblanadi.
Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi.