Navroʻz xalqimizning eng sevimli bayramlaridan biri hisoblanadi. Chin maʼnoda bahor bayrami. Bunda dasturxonlar noz-neʼmatlarga toʻlib toshadi, deyarli har bir oʻzbek xonadonida doshqozonlarda sumalak qaynaydi. Yoshlarni aytmaysizmi, qizlar sochlariga jamalak taqishadi, bolalar va yigitchalar esa qoʻlga varrakni olib qir-adirlarga yugurib ketishadi.
Bayram nafasi yurtimizda kezib yurgan bir paytda bizning “Texnik koʻmaklashish markazi” DUK jamoamizda xam xalqimizning sevimli, qut-baraka ifodasi boʻlmish bu bayram keng nishonlandi. Oʻzbegimning tansiq taomlaridan sanalmish osh pishirilib toʻkin dasturxon atrofiga jamoamiz jam boʻldi.
Jumladan bayramda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining oʻrinbosari B.Olmatov, “Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini taʼminlashga koʻmaklashish markazi” direktori A.Xadjayev, Oʻzbekiston respublikasi axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari A.Xamzin va “Texnik koʻmaklashish markazi” DUK direktori D.Chichenkovlar soʻzga chiqib yigʻilganlarni ushbu nafosat, tinchlik ramzi va yasharish bayrami Navroʻz bilan qutlashdi Yurtimizga tinchlik, xar bir honadonga qut baraka va ishda muvaffaqiyatlar tilab qolishdi.
Azal azaldan yurtimizda navroʻz bayrami saxovatli, mehr muruvvatga boy, mehnatsevar xalqimiz orasida oʻzining takrorlanmas anʼanalari bilan ham ajralib turadi. Kuni kecha bayram munosabati bilan “Texnik koʻmaklashish markazi” DUKkasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi J. Maxmudov va A.Turapovlar jamoa nomidan “Qozirobod” mahallasida joylashgan kam taʼminlangan, yordamga muhtoj va boquvchisini yoʻqotgan oilalarga bayram sovgʻalarini ulashishdi. Ezgu anʼanalar bardavom boʻlsin!