2024-yil 19-avgust holatiga ko‘ra, “Blue team” yo‘nalishida 33 jamoa ro‘yxatdan o‘tdi. 27-avgust kuni saralashdan o‘tgan kuchli 5 ta jamoa finalga yo‘l oladi. Ma’lumot uchun, ro‘yxatdan o‘tish 24-avgust kuniga qadar davom etadi.
“Blue team” jamoasi – tashkilotning virtual infratuzilmasini himoya qilishda qalqon bo‘lib, har xil turdagi hujumlarni aniqlash, oldini olish va bartaraf etish bilan shug‘ullanadilar. “Blue team”dan hujumlarni muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun quyidagi asosiy vazifalarni bajarish talab etiladi:
Monitoring va kuzatish: Tizimlarning holatini doimiy ravishda monitoring qilish va loglarni tahlil qilish orqali nojo‘ya faoliyatlarni aniqlash;
Tarmoq tahlili, suqilib kirishni aniqlash va forenzika;
Hujumlarni aniqlash va javob berish: Hujum belgilari paydo bo‘lganda, tezkor javob berish va zararni minimallashtirish;
Zaifliklarni boshqarish: Tizimdagi barcha zaifliklarni doimiy ravishda skaner qilish, ularni yamash va xavfsizlik bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlarni ko‘rish;
Zaxira nusxalari: Tizimning barcha muhim ma’lumotlarini zaxira qilish va qayta tiklash strategiyasini ishlab chiqish.
“Blue team”dan bu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarish, hujumlarni oldini olish va ularni bartaraf etish uchun texnik bilimlar, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hamda yuqori darajada jamoaviy hamjihatlik talab qilinadi.