Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining kichik majlislar zalida “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” oʻquv seminari oʻtkazildi.
Seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlar va Nukus shahri hokimliklari hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari axborot texnologiyalari boʻyicha masʼul va ijro intizomi nazorati xodimlari ishtirok etdi.
Seminar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi “Texnik koʻmaklashish markazi” (Keyingi oʻrinlarda – Markaz) DUK ning Davlat va mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlimi boshligʻi A. Abdullayev – Davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlarida Axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari haqida, Markazning bosh mutaxassisi D.Yemelyanov – Axborot xavfsizligini taʼminlashdagi muammolar va ularning yechimlari haqida koʻrgazmali bayonot qildilar.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 21-noyabrdagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining joriy etilishini nazorat qilish, ularni himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4024-son qaroriga asosan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi va uning huzurida “Texnik koʻmaklashish markazi” DUK tashkil etilgan.
Markazning asosiy vazifalaridan biri etib davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari va resurslari axborot xavfsizligi siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda koʻmaklashish belgilangan.
Seminar yakunida “Texnik koʻmaklashish markazi” DUK masʼul xodimlari tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar berildi, shuningdek, ishtirokchilarga axborot xavfsizligi sohasidagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar talablari haqida tayyorlangan qoʻllanma va bukletlar tarqatildi.