2022-yilning 18-19 may kunlari Moskva shahrining Xalqaro savdo markazida amaliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha “Positive Hack Day” (PHDays) xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Positive Technologies kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilgan mazkur anjumanda kiberxavfsizlik sohasidagi yetuk mutaxassislar, axborot xavfsizligi sohasidagi davlat tuzilmalari hamda yirik biznes vakillari va yosh olimlar ishtirok etdi. Axborot xavfsizligi sohasida xorijlik mutaxassislarning taqdimotlari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari ishtirokida yopiq va ochiq davra suhbatlari, taniqli mutaxassislar tomonidan mahorat darslari va laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Shuningdek, bankomatlar, aqlli uy tizimlari, videokuzatuv kameralari, IoT qurilmalari, aqlli avtomobillar va boshqa obyektlarni buzish bo‘yicha ko‘plab xakerlik musobaqalari o‘tkazildi. Forumning asosiy qismida hujumchilar, himoyachilar va “Security operations centers” (SOC) jamoalari o’rtasida 30 soatlik “The Standoff” kiberjangi bo’lib o’tdi.
Ushbu xalqaro amaliy xavfsizlik forumi doirasida Kiberxavfsizlik markazi mutaxassislari “AI Track”, “Payment Village” va “IDS Bypass” kabi musobaqalarda ishtirok etishdi. Mazkur musobaqalardagi asosiy vazifalar 6 ta servisdagi zaif tomonlarni aniqlash, IDS – kiberhujumlarni aniqlash tizimini chetlab o’tish, turli to’lov qurilmalaridagi zaifliklarni aniqlash, shuningdek, “AI CTF” musobaqalarida CTF xizmatlaridagi turli zaifliklar aniqlashdan iborat edi.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, mazkur musobaqalarda turli mamlakatlar va tashkilotlardan turli darajadagi tajribaga ega mutaxassislar ishtirok etishdi. “Payment Village” musobaqasida Markaz mutaxassislari ishtiroki davomida, mutaxassislarga haqiqiy bankomat, kassa yoki POS-terminalni buzish vazifasi yuklatilgan edi. Mazkur musobaqa natijalariga ko’ra Markaz mutaxassislari faxrli 2 va 3 o’rinlarni egallashdi. Shu bilan birga, Markaz mutaxassislari 100 dan ortiq ishtirokchilar qatnashgan “IDS Bypass” musobaqasida faxrli 4 o’rinni egallashdi.