Zamonaviy raqamli dunyoda plastik kartaning to‘lov tafsilotlari, bank foydalanuvchilarining login va parollari, foydalanuvchilarning ma’lumotlari, bank hisob varaqlari, moliyaviy ma’lumotlar va shu turdagi ma’lumotlar firibgarlarda juda katta qiziqish uyg‘otadi. Ma’lumotlaringizni aniqlash uchun, firibgarlar turli xil usullardan foydalanishadi. Misol tariqasida, elektron pochta xabarlarini (spam) hamda phishing veb-saytlarni ommaviy ravishda tarqatish.
Phishing – (inglizcha Fishing so‘zidan olingan bo‘lib, baliq ovlash degan ma’noni anglatadi), bu maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash uchun ishlatiladigan keng tarqalgan usullardan biridir.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida ham phishing veb-saytlar orqali foydalanuvchilarni chuv tushurish holatlari keng kuzatilmoqda. Firibgarlar foydalanuvchilarning ishonchini qozonish maqsadida turli xil rasmiy veb-saytlarni nusxasini yaratishdan, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti www.prezident.uz, banklar va shu turdagi tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarini qalbaki ko‘rinishini yaratishdan keng foydalanishmoqda.
Bu turdagi phishing veb-saytlarga aldanib qolmaslik uchun avvalambor fuqarolardan ogoh bo‘lishlari talab etiladi. Shuningdek, phishing veb-sahifalarni tanib olish va haqiqiy veb-saytdan ajratish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq:
- Veb-saytning URL (domen) manziliga e’tibor bering. Phishing veb-saytning URL manzili rasmiy veb-resurs bilan juda o‘xshash bo‘ladi, ammo albatta farq qiladi;
- Ishonchsiz bo‘lgan manbalarga shaxsiy ma’lumotlaringizni (bank hisob raqamlaringizni, plastik karta raqamlaringizni, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlaringiz ma’lumotlarini hamda parol va loginlaringizni) taqdim etmang;
- Shaxsiy telefon raqamingizga kelgan tasdiqlash kodlarini begona shaxslarga bermang;
- Shu turdagi phishing veb-saytlarga duch kelsangiz “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasiga xabar bering.
“Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan joriy 2022-yil mobaynida moliyaviy firibgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan 39 ta phishing veb-sahifalar aniqlandi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Аdministratsiyasi huzuridagi Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda bu veb-sahifalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida cheklandi. Quyida so‘ngi aniqlangan Phishing veb-sahifalardan ba’zi namunalar keltirib o‘tiladi.