“Kiberxavfsizlik markazi” DUKning AKT Sertifikatlashtirish organi tomonidan “Updive SIEM” dasturiy ta’minoti bo‘yicha sertifikatlashtirish sinov ishlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Joriy yilning 19-oktyabrda “Updive SIEM” xavfsizlik ma’lumotlari va xavfsizlik hodisalarini boshqarish tizimining dasturiy ta’minoti uchun kiberxavfsizlik talablari asosida muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirildi.
Mazkur tizim O‘zbekiston Respublikasi “UPDIVE” MChJ ning dasturchilari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, Adliya vazirligidan “Updive SIEM” dasturiy ta’minoti intellektual mulk obyekti sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi Guvohnomaga ega.
Sertifikatlashtirish jarayonida “Updive SIEM” tizimining dasturiy ta’minoti O‘z DSt 2814:2014 va O‘z DSt 2816:2014 davlat standartlari talablariga muvofiqligi tasdiqlandi.
Dasturiy ta’minot tarmoq qurilmalari va ilovalarida kelib chiqadigan konfidensial bo‘lmagan ma’lumotlarni to‘plash orqali real vaqt rejimida xavfsizlik hodisalarini kuzatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, bu kiberxavfsizlik hodisasi (insident) natijasida jiddiy zarar yetkazilgunga qadar tezkor bartaraf etish imkonini beradi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tamizki, O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida” gi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, “Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining kiberxavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilishda O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga nisbatan ustunlikka ega ekanligi belgilangan.
“Kiberxavfsizlik markazi” DUK mamlakatimiz mahalliy dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilariga kelgusida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi va mahsulotlarining kiberxavfsizlik sohasidagi o‘rnatilgan talablarga muvofiqligini belgilangan tartibda baholashni ta’minlashga tayyor ekanligini mamnuniyat bilan izhor etadi.