Instagram: Yopiq akkaunt postlari boshqalarga ham ko‘rinib qoldi
Foydalanuvchilar o‘z akkauntini yopiq rejimga o‘tkazish orqali shaxsiy fotosuratlari va yozuvlarini faqatgina o‘z tanishlariga ko‘rsatadi. Biroq yaqinda e’lon qilingan texnik tahlil “Instagram” infratuzilmasida jiddiy xavfsizlik zaifligi mavjud bo‘lganini ko‘rsatdi. Ushbu zaiflik tufayli yopiq (private) akkauntlardagi postlar hatto akkauntga kirmagan va obuna bo‘lmagan shaxslar uchun ham ochiq bo‘lib qolgan.
Mazkur muammo haqida axborot xavfsizligi tadqiqotchisi Jatin Banga tomonidan e’lon qilingan hisobotda batafsil ma’lumot berildi. Unga ko‘ra, “Instagram”ning server tomonidagi avtorizatsiya mexanizmidagi xatolik sababli maxfiy kontentga ruxsatsiz kirish imkoni paydo bo‘lgan.

