Joriy yilning 11-12 iyul kunlari Toshkent shahridagi Inha universitetida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (OSCE), Atlantika Kengashi (Atlantic Council), AQSh Davlat departamenti hamkorligida tashkil etilgan «Cyber 9/12 Strategy Challenge» kibertanlovi bo‘lib o‘tdi. Tanlovda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston va Oʻzbekiston ta’lim muassasalari vakillaridan iborat jamoalar ishtirok etishdi.
«Cyber 9/12 Strategy Challenge» Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz universitetlari talabalari uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, tanlovdan maqsad kelajakda kiberxavfsizlik muammolariga dosh bera oladigan yangi avlod liderlarini aniqlashdan iborat. Jamoalar kiberxavfsizlikning texnik, siyosiy va strategik jihatlari bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lib, kiberxavfsizlik sohasidagi yetakchilar bilan aloqa o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ushbu tadbirda Kiberxavfsizlik markazi mutaxassislari S.Sultonov va O. Po’latovlar hakam sifatida ishtirok etib, jamoalarga belgilangan mezonlar asosida baholar berishdi. Shuningdek, tadbir so‘nggida “Q&A” savol-javob sessiyasi tashkil qilinib, Markaz mutaxassislari ishtirokchi jamoalar kiberxavfsizlik sohasida qiziqtirgan savollariga javoblar berdilar.