2023-yil 17-may kuni “Kiberxavfsizlik markazi” DUK mutaxassislari “Axborot xavfsizligi sohasidagi raqamlashtirishning muammolari va istiqbolli yechimlari” ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiyada, “Kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari” mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdilar. Konferensiya O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan o‘tkazildi.
Konferensiyaning maqsadi diniy-ma’rifiy sohani raqamlashtirishning nazariy muammolari va axborot xavfsizligini ta’minlashda sun’iy intellekt texnologiyalarining o’rni, kibermakonda axborot xavfsizligini ta’minlash muammolari, shuningdek, sohada zamonaviy innovatsion va pedagogik texnologiyalarni qo‘llanilishiga oid amalga oshirilgan ilmiy izlanishlar hamda tadqiqotlar natijalari bilan keng jamoatchilikni tanishtirishdan iborat.
Mazkur konferensiyada “Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti”, “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi” va “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligining “Kiberxavfsizlik markazi”” vakillari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Ma’ruza davomida Markaz mutaxassislari kiberxavfsizlikni ta’minlashning eng dolzarb muammolariga alohida to‘xtalib, ushbu muammolarni hal qilishning bir qancha yo‘llari taklif qilindi.