Joriy yilning 11-avgust kuni INHA universitetida “Axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlashda muammolar va ularning yechimlari” mavzusida forum tadbiri bo‘lib o’tdi.
Tadbir avvalida “Kiberxavfsizlik markazi” rahbariyati hamda INHA universiteti rektori Muzaffar Jalolov so‘z olib, axborot xavfsizligini ta’minlash va kiberhujumlarga qarshi kurashishda yuzaga kelayotgan muammolar, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash istiqbollari haqida to‘xtaldi.
Anjumanda qator vazirlik, idora va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlaridan malakali IT mutaxassislar, axborot texnologiyalari bo‘yicha ekspertlar ishtirok etdi.
Mazkur forumda soha mutaxassislari tomonidan kiberhujumlarga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalari, internet tarmog‘i orqali sodir etilayotgan qonunbuzilishlarning oldini olish, sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash, shuningdek kiberxavfsizlikni ta’minlashda davlat idoralari va xususiy sektorlar hamkorligini muvofiqlashtirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Kunning 2-yarmida B2B muloqot tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.